Skip to main content

1-dars. Kompyuter qurilmalari

Dars maqsadlari:

  • Dasturlashga kirish
    • Dasturlash nima ekanligini tushunish
    • Dasturlash tillari va ularning vazifalarini ko'rib chiqish
  • Kompyuterlar tarixi
    • Kompyuterlarning ilk rivojlanish davrlarini ko’rib chiqish
    • Kompyuter texnologiyalari qanday rivojlanganligini o'rganish
    • Zamonaviy kompyuterlarning asosiy tamoyillari va ularning kelib chiqish manbalarini o’rganish
    • Kompyuterlarning bugungi kundagi ahamiyatini tushunish
  • Kompyuter qurilmalari
    • Kompyuter qurilmalari va ularning vazifalarini o’rganish
    • Har bir qurilmaning ishlash prinsiplarini ko’rib chiqish
    • Qurilmalar qanday qilib bir-biri bilan bog‘lanishi va ishlashi haqida ko‘nikmalarga ega bo’lish

Dasturlashga kirish

Dasturlash nima va nimaga kerak?

Dasturlash — bu, asosan, kompyuter bilan gaplashish. Bilasizmi, kompyuterlar juda aqlli, lekin shu bilan birga, juda aqlsiz. Ular sizdan aniq buyruqlarni kutadi. Misol uchun, "Choy damla" deb aytsangiz, kompyuter "Choy nima?", "Qaynatish nimadan iborat?" kabi ko'plab savollarni bersa kerak! Shuning uchun biz aniq buyruqlarni ketma-ket beradigan til — dasturlash tili orqali ularga nimani bajarish kerakligini tushuntiramiz.

Ada Lovelace

Ada Lovelace

Charlz Bebbajning analitik mashinasi

Charlz Bebbajning analitik mashinasi

Dasturlash tillari

Dasturlash tillari ko'p, xuddi dunyo tillari kabi. Har bir dasturlash tili o'ziga xos maqsadga ega. Misol uchun:

  • Python – juda oson va qiziqarli, shu sababli yangi boshlanuvchilar uchun ajoyib tanlov.
  • JavaScript – veb-saytlarni jonlantirish uchun.
  • C++ – murakkab tizimlar va o'yinlar yaratish uchun kuchli tildir.

Masalan, agar dasturlash tillarini dunyo tillari bilan qiyoslasak, Pythonni ingliz tili deb olish mumkin - oson va ko'pchilik biladi. C++ esa xuddi matematika kabi, biroz murakkabroq, lekin juda kuchli.


Kompyuterlar tarixi

Kirish

Kompyuter so‘zi lotin tilidagi “computare” so‘zidan olingan bo‘lib, u “hisoblash” degan ma’noni anglatadi. Dastlab, kompyuterlar faqatgina matematik hisoblashlar uchun yaratilgan bo‘lsa-da, hozirgi kundagi kompyuterlar ko‘p qirrali, va ularni hayotimizning har bir jabhasida uchratishimiz mumkin.

Endi tarixga sayohat qilamiz va bugungi kundagi kompyuterlarga olib kelgan muhim voqealarni ko'rib chiqamiz.


Dastlabki kompyuterlar: Hisoblash mashinalari

Kompyuterlar tarixini tushunish uchun eng qadimgi hisoblash moslamalariga qarash kerak. Eng oddiy moslama – "Abakus" hisoblanadi. Miloddan avvalgi 500-yillarda yaratilib, oddiy matematik hisoblashlar uchun ishlatilgan.

Abakus

Abakus

Plastik abakus hisoblagichi

Plastik abakus hisoblagichi

Misol: Abakusga o'xshash moslamalarni bugungi kunda marketlardagi sotuvchilar son hisoblash uchun foydalanadigan "cho't"lar deb tasavvur qilishingiz mumkin.


Babbij va dastlabki mexanik kompyuterlar

Charlz Babbij ismli olim XIX asrda birinchi mexanik kompyuter — Analitik mashina loyihasini yaratgan. Babbijni "kompyuterlarning otasi" deb bilishadi, chunki uning loyihasi bugungi kunda ishlatiladigan kompyuterlarning tamoyillariga asoslangan edi. Uning yordamchisi Ada Lovelace esa birinchi dasturchi sifatida tanilgan va Babbij mashinasida ishlatiladigan dasturlash tilini yaratgan.


Elektron kompyuterlar va ENIAC

XX asr boshida elektron kompyuterlarning rivojlanishi boshlandi. ENIAC (Electronic Numerical Integrator and Computer) — ilk elektron kompyuter hisoblanadi va 1946 yilda AQShda ishlab chiqilgan. ENIAC bir xonani to‘ldiradigan katta mashina bo‘lib, sekundiga 5 mingta hisoblashni amalga oshira olgan.

Glenn A. Bek (fonda) va Betti Snayder (oldinda) ENIAC dasturi BRL 328-binosida. (AQSh armiyasining surati, taxminan 1947–1955)

Glenn A. Bek (fonda) va Betti Snayder (oldinda) ENIAC dasturi BRL 328-binosida. (AQSh armiyasining surati, taxminan 1947–1955)

Pensilvaniya universiteti muhandislik va amaliy fanlar maktabidagi to'rtta ENIAC paneli va uning uchta funktsional jadvalidan biri (1945-yil)

Pensilvaniya universiteti muhandislik va amaliy fanlar maktabidagi to'rtta ENIAC paneli va uning uchta funktsional jadvalidan biri (1945-yil)

Misol: Tasavvur qiling, bugungi kunda telefoningiz cho‘ntagingizda joylashgan bo‘lsa, ENIAC esa butun binoni egallagan va atigi oddiy matematik amallarni bajarardi!


Tranzistorlar va Mikroprotsessorlar

1950-yillarda tranzistorlar paydo bo‘lishi kompyuterlarning o‘lchamini sezilarli darajada kichraytirish imkonini berdi. Tranzistorlar kompyuterlarni kuchliroq va ishonchliroq qilishga yordam berdi.

The Transistor - intro_image.gif

Tranzistor (inglizcha: transfer — koʻchirmoq va rezistor) — elektr tebranishlarni kuchaytirish, generatsiyalash (hosil qilish) va oʻzgartirish uchun moʻljallangan 3 elektrodli yarimoʻtkazgich asbob hamda mikroelektronika qurilmalarining asosiy elementi.

Intel kompaniyasi tomonidan yaratilgan mikroprotsessor 1971 yilda kompyuterlar tarixida muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Mikroprotsessorlar kompyuterlarning “miya”si bo‘lib, bugungi kundagi barcha kompyuterlar ularga asoslangan.

Intel chiplari

Intel chiplari

Apple M chiplari

Apple M chiplari


Zamonaviy kompyuterlarning rivojlanishi

1980-90 yillarda shaxsiy kompyuterlar (PC) keng ommaga tarqala boshladi. Apple va Microsoft bu davrda yetakchi kompaniyalar bo‘lib, o‘zining operatsion tizimlari va apparat ta’minotlari bilan mashhur bo‘ldi. Bill Geyts va Stiv Jobs kompyuter texnologiyasining rivojlanishida katta rol o‘ynagan shaxslardir.


Kompyuterlarning kelajagi

Kompyuterlar tarixi hali tugamagan. Sun'iy intellekt, kvant kompyuterlar, va virtual reallik kabi texnologiyalar kelajakdagi kompyuterlarning qaysi yo‘nalishda rivojlanishini belgilab beradi. Bugungi kunda ko'plab olimlar va dasturchilar yangi imkoniyatlarni ochishga harakat qilmoqdalar.


Kompyuter qurilmalari

Kirish: Kompyuter ichida nima bor?

Kompyuterni xuddi odam organizmi kabi tasavvur qiling. Odamda yurak, miya, qon tomirlari va asab tizimi bor bo‘lgani kabi kompyuterlarda ham har xil vazifalarni bajaradigan apparatlar mavjud. Bu darsda biz o‘sha apparatlarni birma-bir o‘rganamiz.

business-man-monitor-on-his-260nw-204448264.webp


Protsessor (CPU) – Kompyuterning miyasi

CPU (Central Processing Unit) – bu kompyuterning “miya”si hisoblanadi. U barcha hisoblash ishlarini amalga oshiradi va kompyuterdagi barcha boshqa qurilmalarning ishini boshqaradi. Qanchalik kuchli protsessorga ega bo'lsangiz, kompyuteringiz shunchalik tez va samarali ishlaydi.

sockets-glamour-header.webp

Misol: Protsessor – bu xuddi shundayki, uni xonadagi eng kuchli inson deb tasavvur qilishingiz mumkin. U bir vaqtning o‘zida ko‘plab ishlarni bajaradi: fayllarni ochadi, dasturlarni ishga tushiradi va ularni boshqaradi. Agar u sekin bo‘lsa, kompyuter ham xuddi sekin harakatlanuvchi odam kabi bo‘ladi.


Xotira (RAM) – Tezkor yordamchi

RAM (Random Access Memory) – kompyuteringizning "ishchi xotirasi". Bu vaqtinchalik ma'lumotlar saqlanadigan joy bo‘lib, kompyuter hozirgi ishlarni tez bajarish uchun foydalanadi. Protsessor RAMda saqlangan ma’lumotlarga tezda kirib, ularni ishlatadi.

f6374a36e1266c9c5dbdd3b0460a8cf3.jpg


Qattiq disk (HDD/SSD) – Xotira ombori

Qattiq disk – bu sizning ma'lumotlaringizni doimiy saqlab turadigan qurilma. Bugungi kunda ikkita asosiy tur mavjud: HDD (Hard Disk Drive) va SSD (Solid State Drive).

HDD-vs-SDD.webp

  • HDD – bu mexanik harakatlanuvchi qismlarga ega disk bo‘lib, undan ma’lumotlar o‘qib olinadi.
  • SSD – bu ko‘proq flesh-xotiraga o‘xshaydi, ma'lumotlar elektr signal orqali saqlanadi, va u HDDga qaraganda ancha tezroq.

Video karta (GPU) – Tasvirlarni chizuvchi mohir rassom

GPU (Graphics Processing Unit) – bu kompyuterning tasvirlar va grafikalarni yaratishga mo‘ljallangan qismlari. O'yin o'ynayotganingizda, videolarni tomosha qilayotganingizda yoki grafik dasturlarda ishlayotganingizda, GPU eng muhim rolni bajaradi.

R6zbNW4EyUFXHdD4Laq8tb.jpg


Ona plata (Motherboard) – Hammani bog‘laydigan markaz

Motherboard – bu kompyuteringizning asosiy platalaridan biri bo‘lib, unda barcha qurilmalar bir-biri bilan bog‘lanadi. Protsessor, RAM, qattiq disk, GPU – barchasi ona plataning turli qismlariga ulanadi. Bu xuddi katta shahar markazi kabi, barcha yo‘llar shu yerga olib keladi.

640px-Computer-motherboard.jpg

Misol: Ona platani sizning uy tizimingizga o‘xshatish mumkin. Xonalar (ya'ni qurilmalar) farq qilsa-da, ularning barchasi bir-biri bilan bog‘langan.


Quvvat manbai (PSU) – Quvvat ta’minotchi

PSU (Power Supply Unit) – bu kompyuteringiz uchun elektr quvvatini ta’minlovchi qurilma. U barcha qismlarga kerakli quvvatni taqsimlaydi. Agar quvvat yetishmasa yoki noto‘g‘ri bo‘lsa, kompyuteringiz ishlamaydi.

OCZ_600W_power_supply_unit_resize2.jpg


Kiritish va chiqarish qurilmalari

Bu qismda biz quyidagi qurilmalarni o'rganamiz:

  • Klaviatura va sichqoncha – bu kompyuteringizga kiritishni amalga oshirishga imkon beruvchi asosiy qurilmalar. O'zingiz foydalanadigan kompyuterning barcha amallarini aynan shu ikki qurilma orqali bajarasiz.

    KeyBoard_Mouse_1.webp

  • Monitor – bu kompyuteringizdan chiqadigan natijalarni ko'rsatish vositasi. Grafikalar, dasturlar va natijalar ekranda ko'rinadi.

    imac-pc-it-apple-inc-thumb.jpg

Misol: Kompyuterning klaviatura va sichqonchasi xuddi sizning qo‘llaringiz kabi – ularsiz hech qanday amallarni bajara olmaysiz!


Sovutish tizimi – Issiqlikka qarshi himoya

Kompyuterlar yuqori tezlikda ishlaganda, juda ko‘p issiqlik hosil qiladi. Sovutish tizimi bu issiqlikni kamaytirib, kompyuterni muammosiz ishlashini ta'minlaydi.

kl-malaysia-august-28th-2020-600nw-1862338003.webp

Misol: Tasavvur qiling, siz mashinada uzoq masofaga ketyapsiz va motor haddan tashqari qizib ketdi. Agar sovutish tizimi bo‘lmasa, mashina ishdan chiqadi. Kompyuteringizda ham xuddi shunday!